Kollej tarixi

1935 yilda ixtisoslashgan milliy kadrlar tayyorlash vazifasini amalga oshirish maqsadida Respublika Sog’liqni Saqlash xalq komissarining buyrug’iga binoan shoshilinch yordam klinik kasalxonasi qoshida hamshiralar maktabi ochildi.

1937 yilda hamshiralar maktabi 27 nafar bitiruvchilarni chiqardi. 1954 yilda Sog’liqni Saqlash vazirligining buyrug’i bilan hamshiralar maktabi tibbiyot bilim yurtiga aylantirildi.

1976 yilda esa tibbiyot hamshiralari tayyorlashdagi yuqori ko’rsatkichlari hamda 40 yilligi munosabati bilan bilim yurtiga medik-olim Pyotr Fokich Borovskiy nomi berildi.

1966 yilgacha bilim yurti 5 ta auditoriyali yarim yerto’lalarda joylashgan edi. 1976 yilda 4 qavatli bino, faollar zali va sport zali qurib berildi.

O’quv yurti bir necha marotaba “Eng yaxshi mutaxassis” ko’rik tanlovi g’olibi  diplomlari, shuningdek Respublikadagi tibbiyot bilim yurtlari o’rtasida “Olimpiada g’olibi” sovrini bilan taqdirlangan.

2004 yil 25 fevralda O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni Saqlash vazirligining 93-sonli buyrug’iga binoan o’quv yurtiga kollej maqomi berildi.

2005 yilda kollejda rekonstruksiya o’tkazildi. Hozirgi kunda kollejda 2 ta sport zali, 2 ta axborot-resurs markazi, 48 ta o’quv auditoriyalari, 6 ta laboratoriya va klinika oldi xonalari, 2 ta kompyuter sinfi va Toshkent shahar davolash muassasalarida 50 dan ortiq o’quv auditoriyalari mavjud.

Kollejning pedagogik jamoasini 180 dan ortiq o’qituvchilar tashkil etib, ular orasida vrachlar, fan nomzodlari faoliyat ko’rsatadi. Vrach-o’qituvchilar maxsus fanlardan o’quvchilarga  nazariy bilim beradilar va Toshkent shahridagi davolash profilaktik muassasalarda amaliy mashg’ulotlar o’tkazadilar. Kollej jamoasida Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan, xizmat ko’rsatgan xalq ta’limi xodimlari, o’rta-mahsus xalq ta’limi a’lochilari, sog’liqni saqlash a’lochilari mavjud. Kollej pedagoglar jamoasi maxsus fanlardan o’quv-uslubiy komplektlar tayyorlash tashabbuskori hisoblanadilar.

Kollejda har yili ilmiy-amaliy konferensiyalar o’tkaziladi. Kollej o’quv dasturi quyidagi yo’nalishlarda o’rta maxsus tibbiy mutaxassislar tayyorlashga mo’ljallangan: hamshiralik ishi, davolash ishi, akusherlik ishi.